Zomin togʻ-oʻrmon davlat qoʻriqxonasi – Jizzax viloyatida joylashgan. Turkiston tizma togʻlari gʻarbiy qismining shimoliy yon bagʻrida, Koʻlsoy va Gʻoʻralassoy havzalarini ishgʻol etgan. Janubiy Tojikiston bilan chegaradosh. Maydoni 15,5 ming ga, shundan 11,2 ming ga archa oʻrmonzorlari. Dastlab 1926-yilda Gʻoʻralasoy togʻ-archa qoʻriqxonasi nomi bilan tashkil etilgan. Qoʻriqxonada togʻ oʻrmonlarini va archa biologiyasini oʻrganish, archazorlarni koʻpaytirish, hayvon va oʻsimlik turlarini saqlab qolish ishlari olib boriladi. Relyefining murakkabligi va turli iqlim-tuproq sharoitlariga koʻra, qoʻriqxonada 3 oʻsimlik mintaqasi (dasht, oʻrmon, subalp) mavjud. Qoʻriqxona hududi tipik togʻli oʻlka boʻlib, dengiz sathidan 1760–3500 m balandlikda (eng yuqori nuqta – Turalas togʻi 3560,5 m balandlikda). Yillik oʻrtacha yogʻin miqdori 400 mm dan ortiq. Iqlimi keskin kontinental, maksimal harorat yozda 33°, qishda −35−38°. Qoʻriqxona hududida archazorlarning quyi qismida (1900–2700 m) Zarafshon archasi va qora archa, oʻrta qismida (2100–2800 m) sovur archa, yuqori qismida (2100–3200 m) oʻrik archa oʻsadi. Bulardan eng koʻp uchraydigani sovur archadir. U qora archa va oʻrik archa orasida ham oʻsaveradi...
Manba: Vikipediya – “Zomin togʻ-oʻrmon davlat qoʻriqxonasi” · CC BY-SA 4.0
Boshqa tillarda o‘qish: Русский · English · Deutsch · Français · Español